
«Yuventus» vingeri Fransishku Konseysau Italiya A Seriyasi doirasida «Milan»ga qarshi kechgan uchrashuvdan so'ng (0:0) o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
23 yoshli portugaliyalik futbolchi yakshanba kungi bahsda 80 daqiqa davomida maydonda harakat qildi. U o'yin davomida raqib darvozasiga zarba berish va aldab o'tishlar soni bo'yicha eng yuqori ko'rsatkichni qayd etgan bo'lsa-da, gol urishga muvaffaq bo'lmadi.
Jurnalist Nikolo Skira futbolchining o'yin haqidagi iqtiboslarini keltirib o'tdi. Konseysau o'z intervyusida hali imkoniyatlari to'la ochilmaganini ta'kidladi.
«Siz hali mening eng yaxshi o'yinimni ko'rganingiz yo'q. Kelajakda yanada kuchayaman va ko'prog'iga qodir ekanimni isbotlayman, biroq buning uchun tez-tez gol urishim kerak.
Bugun bizda qulay vaziyatlar yuzaga keldi. Menimcha, maydonda faqat biz g'alaba uchun o'ynadik, «Milan»ni esa durang ham qoniqtirdi.
Biz yaxshi o'yin ko'rsatdik», — dedi Konseysau. Ayni paytda «Yuventus» 64 ochko bilan turnir jadvalining to'rtinchi pog'onasidan joy olgan.
Undan yuqorida «Milan» (67 ochko) bormoqda, keyingi o'rinlarni esa «Komo» va «Roma» (61 ochkodan) jamoalari egallab turibdi.