Starlink Papua-Yangi Gvineyada sun'iy yo'ldosh internetini ishga tushirdi
Starlink kompaniyasi Papua-Yangi Gvineya hududida sun'iy yo'ldosh orqali yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini ko'rsatishni boshladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining yozishicha, endilikda Okeaniyada joylashgan ushbu davlat aholisi past kechikish darajasiga ega tarmoqdan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ldi. Ma'lumot o'rnida, 11 mln kishi istiqomat qiladigan mamlakatda 800 dan ortiq qabilalar mavjud bo'lib, ular yuzlab tillarda muloqot qiladi.
Hozirgi vaqtda Starlink xizmatlaridan dunyoning 160 ga yaqin mamlakatida 10 mln dan ziyod faol foydalanuvchi foydalanmoqda. Kompaniya 2025-yil davomida orbitaga haftasiga o'rtacha 70 tadan ortiq sun'iy yo'ldosh uchirib, faoliyat ko'lamini kengaytirishda yuqori sur'atlarni qayd etdi.
Shuningdek, tarmoq aviatsiya yo'nalishida ham ommalashib bormoqda. Bugungi kunda dunyo bo'ylab 34 ta aviakompaniya o'z samolyotlarida ushbu internet xizmatini joriy qilgan bo'lib, ularning 21 tasi so'nggi uch oy ichida tegishli shartnomalarni imzoladi.
SpaceX korporatsiyasi 2026-yilda uskunalar ishlab chiqarish quvvatini kuniga 50 ming to'plamgacha yetkazishni maqsad qilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning birinchi choragida ushbu ko'rsatkich kuniga 15 ming donani tashkil etgan edi.
Bundan tashqari, kompaniya mutaxassislari ayni paytda internet uzatish tezligini tubdan oshirishga xizmat qiluvchi yangi avlod stansiyasini yaratish ustida ish olib bormoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0