Namyanganda shifokor nazoratisiz qilingan muolaja ayolning vafotiga sabab bo'ldi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Namyanganda shifokor nazoratisiz qilingan muolaja ayolning vafotiga sabab bo'ldiNamanganda hamshira tomonidan qilingan muolaja ayolning vafotiga sabab bo'ldi

Namangan viloyati Yangiqo'rg'on tumanidagi oilaviy shifokorlik punktida 39 yoshli ayol tibbiy muolajadan so'ng vafot etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Aniqlanishicha, marhuma avvalroq davlat tomonidan berilgan qon ko'paytiruvchi dori vositalarini qabul qilgan hamda 28 martga qadar "Neofer" preparati kursini yakunlagan. Shunga qaramay, ayol tanasidagi og'riqlar sababli tibbiyot muassasasiga qayta murojaat qilib, o'zida bo'lgan "Ferlek" dorisini osma ukol orqali yuborishni so'ragan.

Tibbiyot punkti hamshirasi bemorga ushbu preparatni faqat shifokor nazorati ostida qo'llash mumkinligini tushuntirganini bildirgan. Biroq ayol o'zining moddiy holatini vaj qilib, muolajani shu yerda o'tkazishni iltimos qilganidan so'ng, hamshira dori vositasini ulab bergan.

Muolaja boshlangach, bemorning salomatligi keskin yomonlashgan va ko'rsatilgan yordamga qaramay, u hayotdan ko'z yumgan. Marhumaning yaqinlari ayol shifokorlik punktiga sog'lom holatda borganini ta'kidlamoqda.

Shuningdek, mazkur muassasada tibbiy sharoitlar qoniqarsiz ekani, zarur jihozlar yetishmasligi va hodisa vaqtida shifokor ish joyida bo'lmagani haqida ma'lumotlar berilgan. Mazkur holat yuzasidan hamshiraga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Hozirda prokuratura organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish