Janubiy Koreyada vafot etgan o'zbekistonlik ayol o'limi yuzasidan tergov tafsilotlari e'lon qilindi
Janubiy Koreyaga ishlash maqsadida borgan 26 yoshli o'zbekistonlik ayolning o'limi yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlari bo'yicha yangi ma'lumotlar berildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Avvalroq uyidan jonsiz holatda topilgan fuqaroning vafoti o'z joniga qasd qilish natijasida yuz bergani aniqlandi. O'zbekistonning Seul shahridagi elchixonasi voqeaning dastlabki kunlaridan buyon Koreya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
Mazkur hamkorlikdan ko'zlangan asosiy maqsad tergov jarayonining adolatli o'tishini ta'minlash va barcha holatlarga to'liq aniqlik kiritishdan iborat. Tergov natijalari bilan tanishtirish maqsadida marhumaning onasi Feruza Alimbekova Koreyaga taklif etildi.
U elchixona va mahalliy politsiya ko'magida ushbu mamlakatga borib, rasmiy uchrashuvlarda qatnashdi. 14 aprel kuni Pxyontxek shahar politsiyasi mas'ullari, marhumaning onasi, advokati hamda elchixona vakillari o'rtasida muloqot o'tkazildi.
Unda Koreya tomoni qo'shimcha tekshiruvlar va ekspertiza xulosalarini taqdim etdi. Sud-tibbiyot ekspertizasi va dastlabki surishtiruvlar natijasiga ko'ra, ayolning o'limida zo'ravonlik yoki qotillik alomatlari qayd etilmagan.
Shuningdek, voqea sodir bo'lgan tunda olingan kuzatuv kamerasi tasvirlari ham yaqinlariga ko'rsatildi. Chuqurlashtirilgan tahlillar, jumladan, DNK va qon tekshiruvlari Nozima Kimning o'z joniga qasd qilganini tasdiqladi.
Marhumaning tanasida zaharli moddalar, dori vositalari yoki tashqi ta'sir natijasida yetkazilgan jarohatlar aniqlanmadi. Koreya politsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ayrim suratlarning rasmiy tergovga aloqasi yo'qligini va ularni tarqatish qonunga zid ekanini bildirdi.
Hozirda tergov ishlari davom etmoqda va yakuniy xulosalar marhumaning yaqinlariga yetkaziladi. O'zbekiston elchixonasi ushbu ishni nazoratga olgan holda, fuqarolarni asossiz xabarlar tarqatmaslikka va marhuma xotirasini hurmat qilishga chaqirdi.