Qozog‘istonda mashhur blogerning operatsiyadan keyin vafot etishi tekshirilmoqda

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Qozog‘istonda mashhur blogerning operatsiyadan keyin vafot etishi tekshirilmoqdaQozog‘istonda mashhur blogerning bevaqt vafoti jamoatchilik orasida jiddiy rezonans keltirib chiqardi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

53 yoshli Saule Bazarxan Olmaota shahridagi xususiy tibbiyot markazlaridan birida liposaksiya jarrohlik amaliyotini o‘taganidan so‘ng hayotdan ko‘z yumdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiyadan keyingi davrda bemorning sog‘lig‘ida kutilmagan asoratlar yuzaga kelgan va uning ahvoli keskin yomonlashgan.

Qisqa vaqt ichida blogerning o‘limi haqidagi xabar tasdiqlandi. Ayni damda marhumaning yaqinlari yuz bergan fojia yuzasidan jiddiy shubhalarini bildirmoqda.

Ular tibbiy muassasa tomonidan ko‘rsatilgan yordam sifati hamda operatsiyadan keyingi kuzatuv jarayonlarining to‘g‘ri tashkil etilgani borasida savollar o‘rtaga tashlamoqda. Yaqinlarining talabiga binoan, mazkur holat huquq-tartibot organlari e’tiboriga tushdi.

Olmaota shahar politsiyasi departamenti tomonidan ushbu fojiali hodisa yuzasidan tergovoldi surishtiruv ishlari boshlab yuborildi. Tergov jarayonida tibbiy xizmat ko‘rsatish qoidalarining buzilishi yoki shifokorlarning e’tiborsizligi kabi holatlar diqqat bilan o‘rganilmoqda.

Ekspertiza xulosalari va tekshiruv natijalari voqeaning barcha tafsilotlariga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish