
Milanning "Inter" klubi Italiya A seriyasining navbatdagi turida "Parma" ustidan g'alaba qozonib, muddatidan oldin mamlakat chempionligini rasmiylashtirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Ushbu muvaffaqiyatdan so'ng jamoa ochkolar bo'yicha eng yaqin ta'qibchilari — "Napoli" va joriy turda mag'lubiyatga uchragan "Milan" uchun imkonsiz masofaga uzoqlashdi. Jamoaning turkiyalik yarim himoyachisi Xakan Chalxanoglu navbatdagi Skudettoning qo'lga kiritilishi borasida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Futbolchining ta'kidlashicha, ushbu g'alaba jamoa ichidagi birdamlikning mahsulidir. "Bu biz uchun juda muhim muvaffaqiyat, biz asosiy marrani bosib o'tdik.
Mavsum davomida yanada jipslashdik, bir-birimizga yaqinroq va do'stona bo'ldik. Ushbu zafar to'laqonli munosib tarzda qo'lga kiritildi, endi g'alaba nashidasini suramiz", — deya Chalxanoglu so'zlarini keltirmoqda fcinter1908.it nashri.
Ma'lumot uchun, Xakan Chalxanoglu 2021-yilning yozida "Milan" klubidan erkin agent sifatida "Inter" safiga kelib qo'shilgan edi. Hozirda u jamoaning asosiy tarkib o'yinchilaridan biri hisoblanadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0