Olimlar signal asosida o'z-o'zini yo'q qiladigan plastik material yaratdi
Tadqiqotchilar Bacillus subtilis bakteriyasi sporalari yordamida parchalanish xususiyatiga ega bo'lgan noodatiy plastik turini ishlab chiqdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining ma'lum qilishicha, material tarkibidagi bakteriyalar ikkita maxsus ferment ajratishga dasturlashtirilgan. Birinchi ferment polimer zanjirlarini bo'laklarga ajratsa, ikkinchisi ularni monomer darajasigacha parchalab, plastikni butunlay yo'q qiladi.
Mazkur texnologiya uchun 3D-bosib chiqarish va tibbiyot sohasida ommalashgan polikaprolakton asosi tanlab olindi. Bakteriya sporalari uyqu holatida bo'lgan vaqtda plastik o'zining fizik mustahkamligi va shaklini o'zgartirmaydi.
Jarayonni faollashtirish uchun 50 daraja issiqlikdagi maxsus ozuqa muhitidan foydalanildi. Bunday sharoitda bakteriyalar faollashib, materialni olti kun ichida to'liq parchalab yuboradi.
Ushbu uslubning eng muhim afzalligi shundaki, parchalanish yakunida atrof-muhit uchun zararli bo'lgan mikroplastik qoldiqlari hosil bo'lmaydi. Olimlar yangi materialdan egiluvchan elektrod yasab, amaliy sinov o'tkazdi.
Mazkur qurilma ikki hafta muddat ichida butunlay yo'q bo'lib ketishi qayd etildi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0