
Fransiyalik yarim himoyachi Pol Pogba «Monako» safida o‘z faoliyatini qayta tiklay olmadi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Bir vaqtlar jahon futbolining yorqin yulduzlari qatorida tilga olingan tajribali futbolchi navbatdagi jarohat sabab yana safdan chiqdi. Nice-Matin nashrining xabar berishicha, «Monako» rahbariyati futbolchi jarohat olguniga qadar ham u bilan xayrlashishga qaror qilib bo‘lgan edi.
Manbaga ko‘ra, klub bir necha hafta avval fransiyalik futbolchiga shartnomani bekor qilish niyatida ekanligini ma’lum qilgan. «Monako» mutasaddilari yozgi transfer oynasi yopilgunga qadar Pol Pogba bilan moliyaviy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi.
Tomonlar shartnomani muddatidan avval yakunlash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ehtimol, klub futbolchiga ma’lum miqdorda tovon puli to‘lab beradi, biroq Pogbaning hozirgi maoshi uning faoliyatidagi eng yuqori cho‘qqilarga chiqqan davriga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, Pol Pogba hozirda 33 yoshda. U 2023-yilning kuzidan 2025-yilning bahoriga qadar doping qabul qilgani uchun futbolchilik faoliyatidan chetlatilgan edi.
Diskvalifikatsiya muddati tugagach, maydonga qaytishga uringan yarim himoyachining jismoniy holati klub talablariga javob bermayotgani ko‘rinib turibdi.






Izohlar
0