
Pol Pogba o‘tgan yozda "Monako" klubi safiga kelib qo‘shilgan edi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Biroq, 2025/2026-yilgi mavsum yarim himoyachi uchun kutilganidek omadli kechmadi. Jarohatlar va sport formasining barqaror emasligi sababli futbolchi maydonda bor-yo‘g‘i oltita uchrashuvda ishtirok etib, jami 115 daqiqa harakat qildi.
Shunga qaramay, tajribali futbolchi kelajakka katta umid bilan qaramoqda va hatto Fransiya milliy terma jamoasiga qaytishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. "Menga o‘yin ritmi yetishmayotgan edi.
Texnik mahoratim borasida gapirmasak ham bo‘ladi, chunki murabbiylar va jamoadoshlar buni mashg‘ulotlarda ko‘rib turishibdi. Gap ko‘proq jismoniy holatim haqida ketmoqda, ayniqsa, diskvalifikatsiyaga qadar boshdan kechirgan ketma-ket jarohatlardan so‘ng.
Hozirda asosiy vazifam – optimal sport formasini tiklab olishdir", – deya ta’kidladi Pogba L’Equipe nashriga bergan intervyusida. Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, yuqori saviyadagi o‘yinlarga qaytish uchun jismoniy tayyorgarlik juda muhim.
U Fransiya terma jamoasi libosini yana bir bor kiyish har bir futbolchi uchun sharaf ekanini va bu o‘ziga xos orzu bo‘lib qolayotganini yashirmadi. Shu bilan birga, Pogba bu imkoniyatni munosib o‘yin bilan qozonish kerakligini ham alohida qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Pol Pogba so‘nggi bor Fransiya terma jamoasi safida 2022-yilning mart oyida maydonga tushgan edi.