O'zbekistonda may oyi kutilmagan ob-havo o'zgarishlari bilan boshlanadi
Bahorning yakunlovchi oyi joriy yilda o'zgaruvchan va beqaror ob-havo bilan kirib kelishi kutilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Sinoptiklar taqdim etgan prognozlarga ko'ra, may oyining dastlabki kunlarida respublika hududlarida iqlimiy tebranishlar kuzatiladi. Xususan, oyning birinchi besh kunligida ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi, momaqaldiroq bo'lishi va shamol tezlashishi ehtimoli mavjud.
Ushbu davrda havo harorati kechalari 13-18 daraja, kunduzlari esa 22-27 daraja iliq atrofida shakllanadi. Oyning o'rtalaridan boshlab havo harorati bosqichma-bosqich ko'tarilib boradi.
May oyi yakuniga qadar tungi ko'rsatkichlar 18-23 darajagacha, kunduzgi harorat esa 30-35 darajagacha isishi taxmin qilinmoqda. Janubiy viloyatlar, shimoliy hududlar va cho'l zonalarida termometr ko'rsatkichi 36-38 darajagacha yetishi mumkin.
Shunga qaramay, oy davomida mahalliy xarakterga ega yog'ingarchiliklar kuzatilishi istisno etilmaydi. Mutaxassislarning tahliliga ko'ra, 2026 yil may oyida o'rtacha oylik harorat ko'p yillik me'yordan 1,5-2 darajaga yuqori bo'ladi.
Odatda ushbu oy aprelga nisbatan 4-6 darajaga issiqroq kelishi bilan ajralib turadi. Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, may oyida mutlaq issiqlik rekordlari 38-41 darajani, cho'l hududlarida esa 43-45 darajani tashkil etgan.
Qoraqalpog'iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida so'nggi yillarda, xususan 2020, 2021 va 2025 yillarda yangi harorat rekordlari qayd etilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0