O‘zgidromet xizmati agentligi 2026 yil yoz mavsumining dastlabki prognozlarini e’lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Unga ko‘ra, iyun oyi ob-havo sharoitlarining o‘zgaruvchanligi hamda o‘rtacha iliq harorat bilan boshlanishi kutilmoqda. Oyning ilk kunlarida ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Xususan, 1–3 iyun oralig‘ida respublika bo‘ylab shamol tezligi sekundiga 15–20 metrgacha kuchayishi mumkin. Havo harorati dastlab kechalari 15–20 daraja, kunduz kunlari esa 30–35 daraja atrofida bo‘ladi.
Biroq oy davomida ko‘rsatkichlar bosqichma-bosqich ko‘tarilib, oy yakuniga kelib kechalari 18–23 daraja, kunduz kunlari 34–39 darajagacha yetadi. Shimoliy, janubiy va cho‘l zonalarida esa ayrim kunlari harorat 40–42 darajagacha isishi prognoz qilinmoqda.
Yozning umumiy tendensiyasi bo‘yicha mutaxassislar hali yakuniy to‘xtamga kelmagan bo‘lsa-da, global iqlim o‘zgarishlari ta’sirini inkor etmayapti. Amerika iqlim prognozlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil may oyida El-Nino hodisasining dastlabki belgilari qayd etilgan.
Tinch okeanidagi suv haroratining oshishi global miqyosda harorat ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Hozirda iqlim tizimi neytral holatda bo‘lsa-da, okean suvlarining qizishi joriy yil yozi me’yordan issiqroq kelishi ehtimolini oshirmoqda.
O‘zgidromet baholariga ko‘ra, mavsum davomida ekstremal issiq kunlar kuzatilishi mumkin. Eng yuqori cho‘qqilarda havo harorati 42–44 darajagacha, ayrim cho‘l va janubiy hududlarda esa 45–47 darajagacha yetishi ehtimoldan xoli emas.
Taqqoslash uchun, Toshkentda iyun oyidagi maksimal harorat 43 darajani tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekiston bo‘yicha tarixiy rekord 1914 yilda Termiz shahrida 49,6 daraja sifatida qayd etilgan. So‘nggi besh yillik tahlillari esa iyun oyi harorati me’yordan o‘rtacha 1,3 darajadan 2,5 darajagacha yuqori bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0