Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan voqealar ortidan Abduraimova Masturaga nisbatan ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘mak jamiyatda iliq kutib olinmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Internet foydalanuvchilari e’tiboriga havola etilgan videolavhalarda onaxonning kayfiyatini ko‘tarish va unga ruhiy dalda berish maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar aks etgan. Xususan, Mastura opa o‘zi qadrlaydigan san’at vakillari bilan diydorlashib, ular bilan samimiy suhbat qurish imkoniga ega bo‘ldi.
Shuningdek, uning poytaxtdagi bir qator restoranlarda mehmon qilingani, shahar xiyobonlari va sayilgohlarda sayohat qilgani ham jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanmoqda. Ushbu xayrli tashabbuslar ichida eng e’tiborlisi onaxonga Umra ziyorati uchun yo‘llanmaning taqdim etilishi bo‘ldi.
Ushbu sovg‘ani qabul qilib olgan Abduraimova Masturaning ko‘zlaridagi quvonch yoshlari uning qalb kechinmalarini yaqqol namoyon etadi. Onaxon o‘z so‘zlarida avvallari qalbi o‘ksib, nima uchun ziyoratga borish nasib etmayotgani haqida ko‘p o‘ylagani va tushkunlikka tushgan damlarini eslab o‘tdi.
Bugun esa uning ezgu orzusi ro‘yobga chiqib, ko‘nglida shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda. Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bunday mehr-oqibat va saxovatli an’analar bardavom bo‘lishini tilab qolmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0