Rashid Xoliqov 53 yoshga to'ldi: Hayoti va ijodidan qiziqarli faktlar

Madina Yusupova3 daqiqalik o'qish

Rashid Xoliqov 53 yoshga to'ldi: Hayoti va ijodidan qiziqarli faktlar
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohiblaridan biri Rashid Xoliqov 28 aprel kuni 53 yoshni qarshi oldi. O'zbek shou-biznesining yetakchi ijrochilaridan biri hisoblangan xonandaning oilasi dastlab uning san'at yo'lini tanlashini istamagan, ijodiy faoliyatini boshlaganida esa yaqinlari unga past nazar bilan qaragan. Bugungi kunda 4 farzandning otasi, bir necha nabiralarning bobosi bo'lgan san'atkorning tavallud kuni munosabati bilan uning hayoti va ijodiga nazar tashlaymiz. “Otam muhandis, onam oshpaz edi” Ko'pchilik uni badavlat oila farzandi deb hisoblaydi. Aslida esa otasi oddiy muhandis, onasi bog'chada oshpaz bo'lib ishlagan. Bolalik yillarida oila moddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. — Dadam kanop ip ishlab chiqarish tsexida muhandis bo'lib ishlagan. U paytlarda maosh kam bo'lgan, ro'zg'orimiz ham shunga yarasha edi. Onamning birgina jemperi bo'lib, uning yenglari yamoq edi. U ham boshqalar kabi shuba va taqinchoqlar orzu qilardi, ammo imkoni bo'lmagan, deydi xonanda. “Onam tatar millatiga mansub edi” Xonanda Toshkentning Chorsu dahasida tavallud topgan. Ota-onasi besh nafar farzandni tarbiyalagan, biroq ulardan biri vafot etgach, Rashid Xoliqov oilaning kenjasiga aylangan. Uning onasi tatar millatiga mansub bo'lgan. — Dadam an'anaviy o'zbek oilasida o'sgan bo'lsa-da, turli millat vakillari bilan ishlagani uchun fikrlash tarzi zamonaviy edi. Onam bilan qanday tanishganini aniq bilmayman, ammo u kelin bo'lib tushganida o'zbek tilini yaxshi bilmaganini eshitganman. Qozon shahrida yashagan va qandaydir sabab bilan otam bilan tanishgan. Shunday bo'lsa-da, onam o'zbek kelinlaridan kam emasdi. “Yaxshi bola bo'linglar, aks holda otangizning yuzi yerga qaraydi”, deb ko'p ta'kidlardi, deydi xonanda. “Onamga mendan voz kechishni maslahat berishgan” Rashid Xoliqov onasining to'rtinchi farzandi bo'lgan. Shifokorlar homila ona salomatligiga xavf solishini aytib, uni to'xtatishni tavsiya qilgan. — Onam poliklinikadan yig'lab qaytganida bir ayol “Qorningizdagi bola mashhur bo'ladi”, degan ekan. Shunday bo'lib, tug'ilishim onamga zarar yetkazmadi, deydi xonanda. “Hali ko'rasiz, tanilib ketaman…” Oilasida san'atkorlar bo'lmagan, ammo otasi va yaqinlari musiqaga qiziqqan. Shunga qaramay, uning san'atga kirishiga qarshi bo'lishgan. — 1987 yildan ansambl tuzib, to'ylarda chiqish qila boshladik. Mahalladoshlar esa bizga ishonishmasdi. Bir kuni qo'shni to'yiga chaqirmaganida “Hali tanilib ketaman”, degandim, deydi xonanda. “Qaynonamning darvozasini tepib chiqib ketganman” Xonanda turmush o'rtog'i Saida bilan to'yda tanishgan. Ularning munosabati keyinchalik oilaga aylangan. — Ilk uchrashuvimizdan keyin onasi meni qattiq so'zlar bilan kutib olgan. G'ururimga tegib, ketib qolganman. Keyin yana gul bilan borib, oq fotiha olganman, deydi u. Og'ir kasallik va qayta tiklanish 2013 yilda Bali oroliga sayohat vaqtida hasharot chaqishi sabab jiddiy kasallikka duch kelgan. — Bir necha oy yotdim, hatto oyoqni kesish haqida ham gap bo'lgan. Keyin Germaniyalik shifokorlar yordami bilan sog'aydim, deydi xonanda. Oila va bugungi hayot Xonandaning to'rt farzandi bor. O'g'illari Sanjar va Islom oila qurgan. Sanjar bir vaqtlar san'atga qiziqqan bo'lsa-da, keyin biznesni tanlagan. Rashid Xoliqov kelinlarini qadrlaydigan inson sifatida tanilgan. Ilk bor bobo bo'lganida rafiqasi va keliniga qimmatbaho avtomobillar sovg'a qilgan. Bugungi kunda u Toshkentdagi to'ylarda taxminan 1300 dollar, korporativ tadbirlarda esa 2500–3500 dollar evaziga chiqish qilib, muxlislarini xushnud etib kelmoqda. Aziza Shukhratova «UZ.NEWS» muharriri + UZ.NEWS saytini Googlega qo'shing Ctrl Enter Xato topdingizmi? Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Yoqdi 0 Yoqmadi 0

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish