Mirziyoyev va Babish uchrashuvi: O'zbekiston hamda Chexiya tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazadi
Ko'ksaroy qarorgohida Prezident Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish o'rtasida muzokaralar bo'lib o'tdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Muloqot davomida ikki davlat o'rtasidagi strategik aloqalarni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi. Tomonlar iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy sohalarda qator muhim kelishuvlarga erishdi.
Savdo-iqtisodiy sohada tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish asosiy maqsad etib belgilandi. So'nggi yillarda bu ko'rsatkich ikki barobarga oshgan bo'lib, hozirda O'zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokidagi 37 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Chexiya Eksport banki hamda Eksport kreditlarini sug'urtalash agentligi mamlakatdagi yirik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishini bildirdi. Texnologik hamkorlik doirasida mashinasozlik, yashil energiya, geologiya va farmatsevtika yo'nalishlarida maxsus dastur ishlab chiqilmoqda.
Chexiyada O'zbekistonning ilk sertifikatlash filiali ochilishi, shuningdek, "Yevro-6" standartidagi transportlarni tekshirish laboratoriyasi tashkil etilishi rejalashtirildi. Tomonlar iqtisodiyotni raqamlashtirish va "aqlli" shaharlar qurish bo'yicha tajriba almashishga kelishib oldi.
Ijtimoiy sohada Toshkent va Praga o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarni tiklash imkoniyatlari ko'rib chiqildi. Ta'lim tizimida qo'shma diplom dasturlarini joriy etish, madaniyat va kino kunlarini o'tkazish hamda tartibli mehnat migratsiyasi bo'yicha tizimli hamkorlik o'rnatish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Kelgusi qadam sifatida Ishbilarmonlar kengashi tuziladi va avgust oyida Toshkentda Hukumatlararo komissiya majlisi o'tkaziladi. Muzokaralar yakuni bo'yicha barcha vazifalarni qamrab olgan "yo'l xaritasi" tayyorlanadigan bo'ldi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0