Vostochniy kosmodromida Angara raketalari uchun mo'ljallangan uchirish majmuasi foydalanishga topshirildi
Roskosmos korporatsiyasi Vostochniy kosmodromida Angara turkumidagi eltuvchi raketalar uchun barpo etilgan yangi uchirish majmuasi tafsilotlarini e'lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com nashrining yozishicha, mazkur ulkan inshoot tarkibiga jami 316 ta obyekt kiritilgan bo'lib, ular qariyb 89 gektar maydonni egallaydi. Ushbu texnologik infratuzilma asosan Angara-A5 va Angara-A5M rusumidagi og'ir toifali raketalarni fazoga uchirishga xizmat qiladi.
Loyiha mualliflari majmuani loyihalash jarayonida Plesetsk kosmodromida mavjud bo'lgan shunday maydonchadan andoza olgan holda uning tajribasini qo'llagan. Vostochniy kosmodromidagi ushbu maydoncha kelajakda raketa texnikasining takomillashuvi va yangi texnologiyalar joriy etilishini hisobga olib, modernizatsiya zaxirasi bilan bunyod etilgan.
Bu esa inshootlarni kelgusida jiddiy qayta qurishlarsiz yangilash imkonini beradi. Og'ir raketalar uchun mo'ljallangan uchirish stoli 2025 yil dekabr oyida rasman ishga tushirildi.
Angara raketalari uchun maxsus majmuaning qurilishi soha rivojida muhim bosqich sanaladi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi Rossiya uchun o'z hududidan turib koinot orbitasiga turli foydali yuklarni mustaqil ravishda olib chiqish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0