Rossiyada istiqboldagi tovushdan tez uchar yo'lovchi samolyotining tashqi ko'rinishi tasdiqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Yangi layner o'tkir va to'g'ri burun qismiga ega bo'lib, an'anaviy old oynalarsiz loyihalashtirilgan. Ixbt.com nashri bergan xabarga ko'ra, parvozni boshqarish jarayoni uchuvchilar kabinasidan to'g'ridan-to'g'ri ko'rish orqali emas, balki maxsus monitorlar va datchiklar tizimi yordamida amalga oshiriladi.
GosNIIAS mutaxassisi Andrey Popovning ta'kidlashicha, samolyot korpusi aerodinamik jihatdan yuqori darajada takomillashtirilgan shaklga ega. Uning burun qismi "Tu-144" yoki "Concorde" modellaridagi kabi pastga tushuvchi mexanizm bilan jihozlanmaydi.
Shunga qaramay, uchuvchilarning yerda harakatlanishini nazorat qilish uchun kichik hajmdagi yon oynalar saqlab qolinadi. Yo'lovchilar uchun esa odatiy illyuminatorlar o'rnatilishi ko'zda tutilgan.
Institut ma'lumotlariga ko'ra, zarur texnologiyalarning bir qismi allaqachon ishlab chiqilgan va maxsus stendlarda sinovdan o'tkazilgan. Shuningdek, ushbu innovatsion tizimlar "Yak-40" samolyoti bazasida yaratilgan uchuvchi demonstratorda ham amaliy sinovlardan muvaffaqiyatli o'tgan.
Rossiya aviatsiya sanoati ushbu loyiha orqali yo'lovchi tashish sohasida tovushdan tez uchar texnikalarning yangi avlodini yaratishni maqsad qilgan.