Ilk seriyali MS-21-310 samolyoti sinov parvozlariga tayyorlanmoqda

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Ilk seriyali MS-21-310 samolyoti sinov parvozlariga tayyorlanmoqdaRossiyaning Boeing 737 va Airbus A320 samolyotlariga muqobil tarzda loyihalashtirilgan ilk seriyali MS-21-310 havo kemasi Irkutsk aviatsiya zavodining yakuniy yigʻish sexidan parvoz-sinov boʻlinmasiga oʻtkazildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ixbt.com nashri tarqatgan maʼlumotga koʻra, mazkur jarayon havo kemasi tizimlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlarini jadallashtirish hamda seriyali modellar uchun belgilangan sinovlar majmuasini rejalashtirilgan muddatdan ertaroq boshlash imkonini beradi. Irkutsk aviatsiya zavodi bosh direktori Andrey Soynovning qayd etishicha, korxona import oʻrnini bosuvchi MS-21-310 samolyotlarini ishlab chiqarish surʼatlarini tasdiqlangan grafik asosida bosqichma-bosqich oshirib bormoqda.

Ushbu samolyotning sinov maydoniga oʻtkazilishi yakuniy yigʻish sexida navbatdagi havo kemasini joylashtirish uchun sharoit yaratadi. Zavod kelgusida yiliga 36 ta samolyot ishlab chiqarish quvvatiga erishishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

Yakovlev OAJ tomonidan konstruksiya qilingan MS-21-310 yangi avlod oʻrta masofali yoʻlovchi layneridir. U avvalgi Tu-154 va Tu-204 rusumlarini, shuningdek, xorijiy Boeing 737 va Airbus A320 modellarini almashtirish vazifasini bajaradi.

Havo kemasi 211 nafargacha yoʻlovchini tashish imkoniga ega boʻlib, 175 nafar yoʻlovchi bilan 3830 kilometr masofani bosib oʻta oladi. Samolyot konstruksiyasida kompozit materiallardan foydalanish darajasi taxminan 40 foizni tashkil etadi.

Mazkur modelning oldingi prototiplardan asosiy farqi shundaki, u Rossiyada fuqaro aviatsiyasi uchun maxsus ishlab chiqilgan ilk mahalliy PD-14 dvigatellari bilan jihozlangan.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish