COMAC kompaniyasi C919 samolyotlarini yetkazib berish rejasini bajara olmayapti
Xitoyning C919 tor fyuzelyajli samolyotlarini ishlab chiqarish va buyurtmachilarga topshirish jarayoni belgilangan grafikdan ortda qolmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
2026 yilning dastlabki uch oyi davomida COMAC korporatsiyasi aviakompaniyalarga bor-yo'g'i uchta laynerni yetkazib berdi. Xususan, fevral va mart oylarida "China Southern" ikkita, mart oyi yakunida esa "Air China" bitta havo kemasini qabul qilib oldi.
Yanvar oyida esa birorta ham samolyot topshirilmadi. Ixbt.com nashrining ma'lum qilishicha, ishlab chiqarish sur'atining pasayishiga xorijiy butlovchi qismlar yetishmovchiligi sabab bo'lmoqda.
Asosiy muammo "GE Aerospace" va "Safran" hamkorligidagi "CFM" konsorsiumi tomonidan tayyorlanadigan "LEAP-1C" dvigatellari bilan bog'liq. Sanoatdagi manbalarga ko'ra, parraklar kabi muhim komponentlar yetishmasligi sababli dvigatellar o'z vaqtida yetkazib berilmayapti.
Natijada yig'ib bo'lingan bir qator samolyotlar dvigatel o'rnatilishini kutib turibdi. Tijorat yetkazib berish ishlari boshlangan 2022 yil dekabr oyidan buyon jami 35 ta C919 layneri foydalanishga topshirildi.
COMAC 2025 yilda 15 ta samolyot yetkazib bergan bo'lib, bu 2024 yilgi ko'rsatkichdan yuqori bo'lsa-da, yiliga 75 ta mashina ishlab chiqarish haqidagi dastlabki rejadan ancha kamdir. Kompaniya 2026 yilda ishlab chiqarish hajmini 28 tagacha oshirishni ko'zlagan, biroq joriy vaziyat ushbu maqsadga erishishni qiyinlashtirishi mumkin.
"Boeing 737" va "Airbus A320" modellariga asosiy raqobatchi sifatida ko'rilayotgan C919 loyihasi Xitoy aviatsiya sanoati uchun strategik ahamiyatga ega. Shu sababli seriyali ishlab chiqarishni kengaytirish mamlakat iqtisodiyoti uchun ustuvor vazifa bo'lib qolmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0