Air France samolyotlari GPS navigatsiyasidagi xalaqitlardan himoya qilinadi
Air France aviakompaniyasi sun'iy yo'ldosh navigatsiyasi tizimlarini tashqi aralashuvlardan himoyalash maqsadida bir necha million yevro miqdorida mablag' yo'naltiradi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Aviatashuvchi kelgusi uch yil davomida o'z havo flotining bir qismini GPS signallarini o'chirish yoki almashtirishga qarshi chidamli uskunalar bilan jihozlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ixbt.com nashri xabar berdi.
Texnik yangilanish jarayoni asosan Airbus A350 va Boeing 777 rusumli samolyotlarni qamrab oladi. Rejaga ko'ra, dastlabki 14 ta Airbus A350 layneri 2026 yil yakunidan 2027 yil boshigacha bo'lgan muddatda Collins Aerospace kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan MMR qabul qiluvchi qurilmalari bilan ta'minlanadi.
Shundan so'ng, aviakompaniya tasarrufidagi barcha 60 ta Boeing 777 samolyotiga ham shunday tizimlar o'rnatilishi ko'zda tutilgan. Mazkur modernizatsiya ishlari 2027 yilda to'liq yakunlanishi kutilmoqda.
Air France parkiga yangi qo'shiladigan samolyotlar esa ushbu himoya tizimi bilan zavodning o'zida jihozlangan holda yetkazib beriladi. Bunday chora-tadbirlar qabul qilinishiga Yevropa va Osiyo havo hududlarida GPS tizimi ishidagi uzilishlar hamda sun'iy xalaqitlar ko'paygani sabab bo'lgan.
Aviakompaniya mutaxassislarining ta'kidlashicha, yangi qurilmalar uchuvchilarning ish yuklamasini kamaytiradi va navigatsiya aniqligini oshiradi. Bu esa signallar ataylab bostiriladigan hududlarda parvozlar xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Kelgusida o'rnatilgan uskunani yanada takomillashtirish imkoniyati ham saqlab qolinadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0