Ko'p kvartirali uylardan foydalanishning yangi qoidalari tasdiqlandi
Adliya vazirligi ko'p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilovchi yangi qoidalarni davlat ro'yxatidan o'tkazdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur hujjat ko'p qavatli binolarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda umumiy tartibni tizimlashtirishni ko'zda tutadi. Yangi tartibga ko'ra, balkon va lodjiyalarda yong'in chiqish xavfi mavjud bo'lgan uskunalarni o'rnatish hamda og'ir yuklarni saqlash qat'iyan taqiqlanadi.
Binolarning tashqi estetik ko'rinishini saqlash maqsadida balkonlarning fasad qismiga kiyim-kechak, gilam va boshqa buyumlarni osish cheklandi. Ushbu amallarni faqat balkonlarning ichki qismida bajarishga ruxsat beriladi.
Uy hayvonlarini saqlash masalasida ham aniq talablar belgilandi. Endilikda zinapoyalar, yerto'lalar, cherdaklar, umumiy oshxonalar hamda balkonlarda hayvon saqlash mumkin emas.
Yong'in xavfsizligini ta'minlash uchun zinapoya maydonlarida yonuvchan materiallarni qoldirishga yo'l qo'yilmaydi. Isitish tizimi va muhandislik tarmoqlariga o'zboshimchalik bilan o'zgartirish kiritish taqiqlandi.
Xususan, xonadonlarda qo'shimcha isitish uskunalarini o'rnatish yoki umumiy issiqlik tizimini qayta rejalashtirishga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, avtotransport vositalarini turar joy hududidagi gazonlar, bolalar maydonchalari, piyodalar yo'laklari va bino kirish qismlarida qoldirish bo'yicha cheklovlar joriy etildi.
Yangi qoidalar aholi uchun xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0