Mask sun'iy intellekt xavfsizligi va'dasi bilan olingan 38 mln dollar qaytarilishini talab qilmoqda
Ilon Mask suddagi ko'rsatmalari davomida OpenAI kompaniyasini tijorat tuzilmasiga aylantirish bo'yicha dastlabki muzokaralardan xabari bo'lganini tan oldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Biroq milliarderning ta'kidlashicha, Sem Altman uni tashkilot notijorat maqomida qolishiga ishontirgan. Ixbt.com nashrining yozishicha, Mask ayni paytda OpenAI, uning hammuassisi Sem Altman va prezident Greg Brokmanga qarshi sudlashmoqda.
Da'vogarning fikricha, mutasaddilar xavfsiz sun'iy intellekt yaratish va'dasi bilan undan 38 mln dollar mablag' olgan hamda keyinchalik shaxsiy boylik orttirish maqsadida tijorat modeliga o'tib ketgan. Sud majlisida OpenAI yuristi Maskdan 2017 yil 31 avgust kuni Altman yuborgan kelishuv matni bilan tanishgan-tanishmaganini so'radi.
Tadbirkor ushbu savolga: «Men mayda shriftlarni o'qimadim, faqat sarlavha bilan cheklandim», deb javob berdi. Hozirda Mask kompaniya rahbariyatida o'zgarishlar qilishni va 150 mlrd dollar miqdorida tovon puli to'lanishini talab qilmoqda.
OpenAI vakillari esa Maskning ushbu harakatlarini kompaniya ustidan nazoratni qo'lga kiritish istagi hamda 2018 yil direktorlar kengashini tark etganidan keyin erishilgan muvaffaqiyatlarga nisbatan hasad bilan baholamoqda. Shuningdek, tadbirkor o'zining xAI kompaniyasini rivojlantirishga urinayotgani qayd etildi.
Mask sudda xAI modellari OpenAI ishlanmalaridan foydalangan holda o'qitilishini tasdiqladi va buni sohadagi standart amaliyot deb atadi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0