Elektromobillarni zaryadlash xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi
O'zbekistonda elektr transporti vositalaridan foydalanuvchilarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tartib jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Loyihaga ko'ra, 2026 yil 1 maydan boshlab elektromobil egalariga zaryadlash xarajatlari uchun subsidiyalar ajratilishi belgilanmoqda. Agar zaryadlash stansiyalarida 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 300 so'mdan oshsa, ushbu miqdordan yuqori bo'lgan qismi davlat budjeti mablag'lari hisobidan to'lab beriladi.
Mazkur imtiyozli tizim 2030 yil yakunigacha amal qilishi ko'zda tutilgan. Belgilangan kompensatsiya mablag'lari fuqarolarning bank kartalariga har oyda to'g'ridan-to'g'ri o'tkaziladi.
Ushbu to'lovlar jismoniy shaxslarning daromadi sifatida hisoblanmaydi hamda soliqqa tortilmaydi. Foydalanuvchilar subsidiyalarni "Soliq" mobil ilovasi orqali boshqarishlari va kuzatib borishlari mumkin bo'ladi.
Tizim shaffofligini ta'minlash maqsadida barcha zaryadlash stansiyalari soliq organlarining ma'lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi va sarflangan energiya miqdori avtomatik ravishda hisoblanadi. Sohani raqamlashtirish doirasida 2026 yil davomida "EV-Power" maxsus platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha dastlab Toshkent shahrida sinovdan o'tkaziladi, keyinchalik esa respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi. 2027 yildan boshlab subsidiya berish jarayoni to'liq ushbu yangi platforma orqali amalga oshiriladi.
Ushbu chora-tadbirlar mamlakatda ekologik toza transport vositalari ommaviyligini oshirish va haydovchilarning iqtisodiy xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0