O'zbekistonda dala hovlilar ijarasi tartibga solinadi
O'zbekistonda turizm sohasini isloh qilish, xizmatlar bozorida ochiqlikni ta'minlash va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga qaratilgan yangi tartib loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mazkur hujjat qabul qilingach, ayniqsa dala hovlilarni ijara berish bozorida tub o'zgarishlar yuz berishi kutilmoqda. Yangi tizim sohadagi noqonuniy faoliyatga chek qo'yish va jarayonlarni to'liq raqamlashtirishni nazarda tutadi.
Dala hovlilar rasmiy maqomga ega bo'ladi Yangi tartibga muvofiq, fuqarolar tomonidan sayyohlar uchun ijaraga beriladigan dala hovlilar endilikda rasman "joylashtirish vositasi" deb hisoblanadi. Bu o'zgarish mazkur ob'ektlarni yagona elektron reyestrga kiritish va ularning faoliyatini tizimli ravishda hisobga olish imkonini beradi.
Natijada xususiy xonadonlar ijarasi rasmiy turistik xizmat turiga aylanadi. Narxlar milliy platformada e'lon qilinadi Islohotning muhim jihatlaridan biri narx siyosatini shaffoflashtirish bilan bog'liq.
2027 yil 1 yanvardan boshlab barcha dala hovli egalari o'z xizmatlari narxini maxsus milliy turizm platformasiga majburiy tartibda kiritishi shart etib belgilanmoqda. Ushbu tizim bozordagi narx o'yinlariga barham berish, iste'molchilar uchun tushunarli muhit yaratish va tadbirkorlar o'rtasida sog'lom raqobatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Litsenziya va turistik yig'im talab etilmaydi Davlat ijara bozorini tartibga solishda tadbirkorlar uchun yengilliklar yaratishni rejalashtirmoqda. Loyihaga ko'ra, dala hovlilarda turistik xizmat ko'rsatish uchun alohida litsenziya olish talab qilinmaydi.
Shuningdek, ushbu maskanlarda dam oluvchi mehmonlardan turistik yig'im undirilmasligi belgilangan. Bu chora sohani ortiqcha ma'muriy yuklamalarsiz rasmiy faliyatga o'tkazishga yordam beradi.
Nazorat va rag'batlantirish tizimi joriy etiladi Sohani to'liq nazorat qilish maqsadida Turizm qo'mitasi elektron reyestrni shakllantiradi, Soliq qo'mitasi esa barcha ob'ektlarni xatlovdan o'tkazadi. Shu bilan birga, tizimda jamoatchilik nazorati mexanizmi ham ko'zda tutilgan.
Ro'yxatdan o'tmasdan yashirin faoliyat yuritayotgan ijara ob'ektlari haqida xabar bergan fuqarolarga, ma'lumot tasdiqlangan taqdirda, undirilgan jarimaning bir qismi miqdorida mukofot puli to'lanishi mumkin. Ushbu tashabbus O'zbekiston turizm bozorini zamonaviy va shaffof bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.