Rossiya Davlat Dumasiga avtomobil egalari uchun o‘ziga xos davlat raqamlarini pullik asosda tanlab olish imkonini beruvchi qonun loyihasining qayta ishlangan varianti taqdim etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Hujjat tegishli soha qo‘mitasi va hukumatning takliflari asosida mukammallashtirilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ixbt.com nashrining yozishicha, mazkur tashabbus avtomobil raqamlarini Gosuslugi portali orqali band qilish tizimini joriy etishni nazarda tutadi.
Yangi qoidalarga muvofiq, davlat raqamlari ikki turga ajratiladi. Birinchi toifa – unikal raqamlar bo‘lib, ularga bir xil harf va raqamlar, hudud kodi bilan mos keluvchi yoki o‘nlik va yuzlik karrali kombinatsiyalar kiradi.
Ikkinchi toifa – individual raqamlar bo‘lib, ularni haydovchilar mavjud belgilar yordamida o‘zlari mustaqil shakllantirishi mumkin. Ushbu xizmat uchun to‘lov miqdorlari va tartibi kelgusida hukumat tomonidan belgilanadi.
Tushgan mablag‘larning teng yarmini Ichki ishlar vazirligi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Loyihada, shuningdek, unikal raqam egalariga transport vositasini raqam berilgan kundan boshlab uch yil davomida sotishni taqiqlash normasi ham belgilangan.
Mualliflarning qayd etishicha, bu cheklov raqamlarni qayta sotish bilan bog‘liq noqonuniy bozor faoliyatini jilovlashga xizmat qiladi. Qonun loyihasining 2027-yil 1-iyuldan kuchga kirishi kutilmoqda.
Ayni damda mutaxassislar mazkur mexanizmning amaliyotga joriy etilishi borasida turlicha yondashuvlarni bildirmoqda. Bir guruh ekspertlar bu tizimni qulay deb hisoblasa, boshqa qismi uni Fuqarolik kodeksining ayrim qoidalariga zid bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0