Bank kartalaridan mablag'larni aktseptsiz yechib olishning yangi tartibi joriy etiladi
O'zbekistonda 2026 yil 15 apreldan boshlab bank kartalaridan mablag'larni mijoz roziligisiz, ya'ni avtomatik tarzda yechib olish operatsiyalari bo'yicha yangi qoidalar kuchga kiradi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mazkur tartibga ko'ra, endilikda har bir karta hisobida kamaytirilmaydigan majburiy minimal qoldiq miqdori belgilanadi. Yangi talablarga muvofiq, karta egalari o'z hisoblarida doimiy ravishda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3 baravari miqdoridagi mablag'ni saqlashlari shart bo'ladi.
Ushbu chora karta balansining to'liq nolga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan. Tizim amaliyotga tatbiq etilgach, qarzdorlikni undirish yoki avtomatik to'lovlarni amalga oshirish jarayonlari faqatgina ushbu belgilangan "xavfsiz qoldiq"dan yuqori bo'lgan mablag'lar doirasida bajariladi.
Majburiy yechib olishlar karta hisobidagi daxlsiz qoldiqqa ta'sir ko'rsatmaydi. Ma'lumki, aktseptsiz yechib olish amaliyoti odatda bank kreditlari, muddatli to'lovlar (rassrochka) va boshqa moliyaviy majburiyatlarni avtomatik ravishda qoplash uchun qo'llaniladi.
UZCARD tizimi vakillari bergan ma'lumotga ko'ra, yangi cheklovlar bank tomonidan mijozdan oldindan olingan va OTP kodi orqali tasdiqlangan karta ma'lumotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu o'zgarishlar foydalanuvchilarning moliyaviy barqarorligini ta'minlash va kutilmaganda barcha mablag'lar yechib olinishi bilan bog'liq holatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.