Erdog'an va Tramp Putin hamda Zelenskiy uchrashuvida vositachilik qilishi mumkin
Turkiya xalqaro maydonda tinchlik o'rnatish yo'lidagi diplomatik harakatlarini faollashtirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Anqara ma'lum muddat to'xtab qolgan muzokaralar jarayonini qayta tiklash va qurolli to'qnashuvlarga yakun yasash maqsadida yangi tashabbus bilan chiqdi. Prezident Erdog'an 22 aprel kuni Anqarada NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muzokaralar davomida Turkiya rahbari Rossiya va Ukraina o'rtasidagi muloqotni qayta yo'lga qo'yish zarurligini ta'kidladi. Ma'lumot uchun, ushbu muloqot 28 fevraldan buyon Yaqin Sharqdagi keskinlik sababli to'xtab qolgan edi.
Shuningdek, Erdog'an Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qilib, Eron atrofidagi beqarorlik Yevropa xavfsizligiga ham xavf tug'dirayotganini bildirdi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Antaliya diplomatiya forumida Kiyevning taklifini e'lon qildi.
Unga ko'ra, Putin va Zelenskiy uchrashuvi Turkiyada tashkil etilishi kutilmoqda. Mazkur muloqotda Erdog'an bilan birga AQSh prezidenti Donald Tramp ham vositachilik qilishi mumkin.
Sibiga Turkiya ushbu jarayonni tezlashtirishga qodir asosiy kuch ekanini qayd etdi. Rossiya tomoni oliy darajadagi uchrashuv ehtimolini inkor etmadi, biroq ma'lum shartlarni ilgari surdi.
Dmitriy Peskovning ma'lum qilishicha, Putin va Zelenskiy muloqoti faqat erishilgan kelishuvlarni rasmiylashtirish bosqichida amalga oshishi mumkin. Kreml vakillari 2025 yilning may va iyul oylarida ham shunday pozitsiyani bildirgan edi.