Afg'oniston narkotrafikka qarshi kurash natijalarini e'lon qildi
Samarqandda o'tkazilgan xalqaro forumda mintaqaviy xavfsizlikning muhim jihati hisoblangan giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Tadbirda Afg'oniston ichki ishlar vaziri o'rinbosari Shayx Abdul Rahmon Munir Kobul ma'muriyati tomonidan ko'rilayotgan choralar va erishilgan ko'rsatkichlar haqida ma'lumot berdi. Vazir o'rinbosarining ta'kidlashicha, mamlakat xalqaro izolyatsiyaga qaramasdan, narkobiznesga qarshi murosasiz harakatlarni davom ettirmoqda.
Mazkur amaliyotlar davomida jami 2 mln tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va alkogol mahsulotlari muomaladan chiqarilib, yo'q qilingan. Abdul Rahmon Munir 2025 yil sarhisobi bo'yicha quyidagi raqamlarni keltirib o'tdi: - Mamlakat bo'ylab 42 mingta tezkor reyd o'tkazilgan; - Narkojinoyatlarda gumon qilingan 11 mingga yaqin shaxs hibsga olingan; - Giyohvand moddalar ishlab chiqaradigan 450 ta yashirin laboratoriya faoliyati tugatilgan; - 19 ming gektardan ziyod maydondagi ko'knor va nasha plantatsiyalari yo'q qilingan; - 28 mingdan ortiq bemor maxsus reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan.
Vazir o'rinbosari Afg'oniston rahbariyati tomonidan qabul qilingan maxsus farmonlar ushbu kurashning huquqiy asosi ekanini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, giyohvandlikka qarshi kurashni siyosiylashtirish global barqarorlikka salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Shayx Abdul Rahmon Munir xalqaro hamjamiyatni quruq tanqiddan voz kechib, transmilliy jinoyatchilikka qarshi amaliy muloqot va o'zaro ishonch asosida hamkorlik qilishga chaqirdi. Kobul vakili dunyo mamlakatlarini Afg'onistondagi real vaziyatni adolatli baholashga va insoniyatga tahdid solayotgan ushbu muammoga qarshi birlashishga chorladi.