Alkogol savdosida naqd pul orqali to'lov qilish tartibi tiklanishi kutilmoqda
O'zbekistondagi umumiy ovqatlanish maskanlari, kafe va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun naqd pulda hisob-kitob qilish imkoniyatini qayta tiklash masalasi ko'rib chiqilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. 21 aprel kuni tadbirkorlar bilan o'tkazilgan ochiq muloqotda ushbu tartibning joriy etilishi soha vakillari tomonidan so'raldi. Amaldagi faqat naqdsiz to'lov tizimi, ayniqsa, xorijiy sayyohlar bilan ishlashda qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgani ta'kidlandi.
Soliq qo'mitasi raisi Farrux Po'latov mazkur muammoga munosabat bildirib, yaqin vaqt ichida yechim topilishini ma'lum qildi. Uning qayd etishicha, tashkiliy va texnik kamchiliklar sababli mijozlar uchun noqulayliklar yuzaga kelgan.
Po'latov ushbu holatni tizimdagi e'tiborsizlik deb baholadi va kamchiliklar yaqin kunlarda bartaraf etilishini bildirdi. Hozirgi tartibga ko'ra, mijozlar taomlar uchun naqd pulda to'lov qilishi mumkin bo'lsa-da, alkogol mahsulotlarini faqat bank kartalari orqali sotib olishga majbur.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning so'zlariga ko'ra, bu holat turizm jozibadorligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Vahobov chet ellik sayyohlar spirtli ichimlik xarid qilish uchun Uzcard yoki Humo kartalarini ochishga majbur bo'layotgani, natijada xizmatlardan voz kechib, mamlakatni tark etish holatlari uchrayotganini aytdi.
Soliq qo'mitasi ushbu masalani hal etish maqsadida maxsus hujjat loyihasini tayyorladi. Yangi tartib restoran va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun ham naqd, ham naqdsiz to'lov shakllarini joriy etishni ko'zda tutadi.
Hozirda mazkur loyiha tegishli idoralar bilan kelishish bosqichida turibdi. Eslatib o'tamiz, O'zbekistonda 1 aprel 2024 yil sanasidan boshlab alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi uchun faqat naqdsiz to'lov tizimi joriy etilgan edi.