
O'zbekistonda restoranlar, kafelar va mehmonxonalarda spirtli ichimliklar uchun naqd pulda to'lash imkoniyatini ko'rib chiqish masalasi muhokama qilinmoqda. Joriy yilning 21 aprel kuni soha vakillari bilan o'tkazilgan uchrashuvda tadbirkorlar naqd to'lovning cheklanishi, ayniqsa xorijiy sayyohlarga noqulaylik tug'dirayotganini bildirib, bu boradagi muammolarni ko'tardilar.
Soliq qo'mitasi rahbari Farrux Po'latov vaziyatni tushunib, yaqin kelajakda ushbu masalaga yechim topilishini va amaldagi tartib qayta ko'rib chiqilishini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, texnik va tashkiliy jihatdan ayrim kamchiliklar tufayli mijozlar noqulayliklarga duch kelishmoqda. Qo'mita rahbarining ta'kidlashicha, bu holat e'tiborsizlik natijasidir va tezkorlik bilan tuzatish choralari ko'rilmoqda.
Hozirda ovqatlanish xizmatlari uchun naqd to'lov qabul qilinayotgan bo'lsa-da, spirtli ichimliklar faqat bank kartalari orqali sotilishi turistik sohada salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobovning aytishicha, ba'zi sayyohlar naqd pul bilan to'lay olmasliklari sababli xizmatdan voz kechib, mamlakatni tark etish holatlari ham kuzatilmoqda.
Mazkur muammoni hal qilish maqsadida Soliq qo'mitasi tomonidan tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Loyihada restoran va mehmonxonalarda spirtli ichimliklar uchun naqd va naqd mablag'siz to'lov usullarini birgalikda qo'llash ko'zda tutilgan. Ushbu hujjat hozirda boshqa davlat idoralari bilan kelishuv jarayonidan o'tmoqda. Esda tutish lozimki, joriy yilning 1 aprelidan boshlab O'zbekistonda spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini sotishda faqat bank kartalari orqali to'lash amaliyoti joriy etilgandi.