Qirg'iziston sobiq mulozimlari «75 maktub» ishi bo'yicha so'roq qilindi

Bekzod Nazarov2 daqiqalik o'qish

Qirg'iziston sobiq mulozimlari «75 maktub» ishi bo'yicha so'roq qilindiQirg'iziston sobiq mulozimlari "75 maktub" ishi bo'yicha so'roq qilindi

Qirg'iziston siyosiy sahnasida shov-shuvga sabab bo'lgan "75 maktub" voqeasi doirasida tergov harakatlari faollashdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mamlakatning bir paytlar yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan sobiq mulozimlari ichki ishlar organlarida bir necha soat davomida ko'rsatma berdi. Advokat Sherdor Abdikafarovning ma'lum qilishicha, Qirg'iziston Ichki ishlar vazirligi Bosh tergov boshqarmasiga bir qator taniqli shaxslar chaqirtirilgan.

So'roq qilinganlar orasida Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, Jogorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Shakiyev hamda sobiq deputat Kurmankul Zulushev bor. Mazkur shaxslar ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va davlat hokimiyatini kuch bilan egallashga urinish kabi ayblovlar yuzasidan ko'rsatma bergan.

Siyosiy keskinlikka 2026 fevral oyida Prezident Sadir Japarov nomiga yo'llangan murojaat sabab bo'lgan edi. O'shanda 75 nafar faol va siyosatchi davlat rahbaridan muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o'tkazishni talab qilgan.

Ushbu maktub ortidan Tashiyev lavozimidan chetlatildi, Shakiyev va Zulushev esa vakolatlarini topshirishga majbur bo'ldi. Shuningdek, mamlakat milliy xavfsizlik tizimida tub islohotlar amalga oshirildi.

Prezident Japarov Tashiyevning maktub mualliflari bilan aloqasini inkor etganini aytsa-da, uni yaqin orada davlat lavozimiga qaytarish niyati yo'qligini bildirdi. Konstitutsiyaviy sud esa navbatdagi prezidentlik saylovlari faqat belgilangan muddatda — 2027 yanvar oyida bo'lib o'tishini tasdiqladi.

Hozirda maktubni imzolagan bir qator faollar hibsga olingan va tergov jarayonlari davom etmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish