
Meksikalik bloger Hindiston poytaxti Dehli shahrida joylashgan va mahalliy aholi hamda sayyohlar orasida G‘azipur nomi bilan tanilgan chiqindixona hududiga tashrif buyurdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur shaxs poligonning eng yuqori nuqtasiga ko‘tarilib, u yerdagi holatni videotasvirga muhrladi. O‘zining ulkan ko‘lami va balandligi sababli ushbu maskan ko‘pchilik tomonidan ramziy ma’noda chiqindilar Everesti deb ataladi.
Rasmiy ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, mazkur chiqindi tog‘ining balandligi qariyb 70 metrni tashkil etadi. Poligon umumiy hisobda 28 gektardan ortiq hududni egallagan bo‘lib, bugungi kunda bu yerda 14 million tonnadan ziyod maishiy chiqindilar to‘plangan.
Ushbu holat Dehli shahridagi ekologik vaziyatning naqadar murakkab ekanligini ko‘rsatib, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish masalalari qay darajada dolzarb ekanligini yana bir bor yodga soladi. Blogerning bu harakati mazkur ekologik muammoning ko‘lami haqida jamoatchilik e’tiborini jalb etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.






Izohlar
0