Indoneziya poytaxti Jakarta shahri yaqinidagi Jativaringin chiqindi poligonida sakkiz kundan beri davom etayotgan keng ko‘lamli yong‘in jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Tabiiy ofat oqibatida yuzlab mahalliy aholi o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. BBC axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, olov hozirga qadar 15 gektardan ortiq maydonni qamrab olgan va vaziyat nazoratga olinishi qiyin kechmoqda.
Yong‘in natijasida atrof-muhitga tarqalgan quyuq hamda zaharli tutun hududdagi ekologik vaziyatni keskin yomonlashtirib yubordi. Sog‘liqni saqlash idoralari havo sifatining haddan tashqari ifloslanishi aholi salomatligiga, xususan, nafas olish tizimiga jiddiy zarar yetkazayotganidan ogohlantirmoqda.
Mutaxassislar tutun tarkibidagi zararli moddalar inson organizmida surunkali kasalliklarni qo‘zg‘atishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Hozirda o‘t o‘chirish xizmatlari va tegishli tashkilotlar yong‘inni to‘liq bartaraf etish hamda aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda.
Hududda favqulodda holat rejimi saqlanib qolmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0