
Kolumbiyalik himoyachi Jon Lukumi transfer bozorida qator yevropalik grand klublarning e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Football Italia nashrining xabar berishicha, futbolchiga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Avvalroq «Yuventus», «Beshiktosh» va «Bornmut» klublari himoyachini o‘z safiga qo‘shib olish istagini bildirgan bo‘lsa, endilikda «Inter» ham mazkur ro‘yxatga qo‘shildi.
Milanliklar klubi tarkibni kuchaytirish maqsadida futbolchining transfer shartlari bilan yaqindan qiziqmoqda. «Inter» rahbarlari tajribali himoyachilardan biri Franchesko Acherbi va Stefan de Vreyning ketishi ehtimolini inobatga olgan holda, himoya chizig‘ini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Ayni damda 28 yoshli kolumbiyalik futbolchining «Bolonya» bilan amaldagi shartnomasi 2026/27-yilgi mavsum oxiriga qadar mo‘ljallangan. «Bolonya» rahbariyati esa o‘z yetakchisini 28 million yevrodan kam bo‘lmagan tovon puli evaziga qo‘yib yuborishga tayyor.
Jurnalist Alfredo Pedulla xabariga ko‘ra, «Inter» vakillari allaqachon futbolchining agentlari bilan bog‘lanib, muzokaralarni boshlab yuborgan. Ta’kidlash joizki, Lukumi 2022-yilning yozidan buyon «Bolonya» safida to‘p tepib kelmoqda.
O‘sha vaqtda u «Genk» klubidan 8 million yevro evaziga xarid qilingan edi. Uch mavsum davomida A Seriyada jami 123 ta uchrashuvda maydonga tushgan himoyachi o‘zining barqaror o‘yini bilan mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
«Inter» uchun Lukumining transferi moliyaviy jihatdan ham maqbul variant hisoblanadi. Xususan, «Chelsi» o‘z himoyachisi Trevo Chaloba uchun talab qilayotgan 35 million yevro bilan solishtirganda, Lukumi uchun so‘ralayotgan 28 million yevro ancha arzonroq ko‘rinadi.
Ayni damda tomonlar muzokaralarni davom ettirmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0