
«Yuventus» Shtiller transferi bo‘yicha muzokaralarni boshladi Turinning «Yuventus» klubi «Shtutgart» hamda Germaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Anjelo Shtillerni sotib olish bo‘yicha aniq qadamlarni tashladi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Bu haqda Italiyaning Corriere dello Sport nashri xabar bermoqda. Ma’lum qilinishicha, «Yuventus» vakillari futbolchining agentlari bilan dastlabki uchrashuvni o‘tkazgan va ehtimoliy transfer tafsilotlarini muhokama qilgan.
25 yoshli germaniyalik futbolchi Germaniya Bundesligasining eng iqtidorli markaziy yarim himoyachilaridan biri hisoblanadi. Shtiller o‘tgan mavsum davomida 47 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
U maydonda asosan hujumlarni tashkil etish va o‘yin tizginini boshqarish vazifasini bajaradi. Turinliklar bosh murabbiyi jamoa markaziy chizig‘ini o‘yin tempini nazorat qila oladigan va hujumlar qurishda faol ishtirok etadigan futbolchi bilan kuchaytirmoqchi.
Shtiller ushbu talablarga to‘liq mos keladigan nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Hozirda futbolchining transfer qiymati turlicha baholanmoqda.
«Shtutgart» klubi yarim himoyachi uchun 50 mln yevrodan 60 mln yevrogacha mablag‘ talab qilishi mumkin. Biroq futbolchining shartnomasida 36,5 mln yevro miqdorida tovon puli (klauzula) ko‘zda tutilgan band mavjud.
Ta’kidlash joizki, Shtiller uchun kurashda «Yuventus»ning raqiblari ham bor. Germaniyalik futbolchining harakatlarini Madridning «Real Madrid» va Angliyaning «Manchester Yunayted» klublari ham diqqat bilan kuzatib bormoqda.