Zap Energy yadroviy bo'linish reaktorlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Zap Energy yadroviy bo'linish reaktorlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqdaZap Energy kompaniyasi yadroviy bo'linish reaktorlarini ishlab chiqaradi

Zap Energy termoyadroviy startapi o'zining asosiy yo'nalishi bilan bir qatorda yadroviy bo'linish reaktorlarini ham ishlab chiqishini e'lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Kompaniya rahbariyati elektr stansiyasini qurish imkoniyatlarini o'rganib chiqib, dastlab bo'linish texnologiyasiga asoslangan stansiyani yaratish tezroq natija beradi degan xulosaga keldi. Techcrunch.com nashrining xabar berishicha, kompaniyaning yangi bosh direktori Zabrina Johal bo'linish va sintez jarayonlarini bir butunning ikki qismi deb atagan.

Hozirga qadar 300 mln dollardan ortiq sarmoya jalb qilgan Zap Energy sohaga eng ko'p mablag' tikilgan startaplardan biri sanaladi. Mazkur qaror sun'iy intellekt ma'lumotlar markazlari tomonidan energiyaga bo'lgan ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda qabul qilindi.

Taxminlarga ko'ra, 2030 yilga borib ushbu talab qariyb uch barobar oshadi. Texnologiya korxonalari elektr energiyasiga hozirdanoq muhtojlik sezmoqda, biroq termoyadroviy stansiyalar kamida o'n yildan keyin ishga tushishi mumkin.

Bo'linish reaktorlari tijorat nuqtayi nazaridan samaraliroq hisoblanadi. Zap Energy yangi yo'nalish orqali bir yil ichida daromad olishni ko'zlamoqda.

Mablag'lar mudofaa va energetika vazirliklarining federal dasturlari, shuningdek, yirik energiya iste'molchilari bo'lgan xususiy kompaniyalardan kelib tushishi kutilmoqda. Startapning bo'linish reaktori Toshiba hamda Yaponiyaning energetika sanoati tadqiqot instituti hamkorligida yaratilgan 4S dizayniga asoslanadi.

Johalning ta'kidlashicha, 2030 yillarda energiya tanqisligi yuqori bo'lishi sababli kompaniya o'z xizmatlari uchun mijozlarni qiyinchiliksiz topadi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish