Inertia Enterprises va Livermor milliy laboratoriyasi termoyadroviy energetika sohasida hamkorlik qiladi
AQShning Inertia Enterprises kompaniyasi Livermor milliy laboratoriyasi (LLNL) bilan termoyadroviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etishni tezlashtirish bo'yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Tomonlar tijorat maqsadlaridagi termoyadroviy elektr stansiyalarini barpo etish yo'lidagi muhandislik to'siqlarini bartaraf etishni maqsad qilgan. Ixbt.com nashrining yozishicha, mazkur loyiha doirasida yangi turdagi optik materiallar, lazer qismlari va yuqori quvvatli lazer qurilmalari prototiplari ustida ish olib boriladi.
Dasturning muhim yo'nalishlaridan biri inersial sintez jarayonida energiya hosil qilish uchun zarur bo'lgan maxsus yonilg'i kapsulalarini — termoyadroviy nishonlarni ishlab chiqishdan iborat. Inersial termoyadroviy sintez usuli vodorod bilan to'ldirilgan kichik kapsulani kuchli lazer nurlari yordamida siqish orqali energiya olishga asoslanadi.
Ushbu jarayonda yuzaga keladigan yuqori harorat va bosim ta'sirida atom yadrolari birlashadi va natijada yulduzlardagi kabi katta miqdorda energiya ajralib chiqadi. Hamkorlik doirasida Inertia Enterprises laboratoriyaga tegishli bo'lgan inersial sintezga oid 200 ga yaqin patentdan foydalanish huquqini qo'lga kiritdi.
Ushbu imkoniyat ilmiy ishlanmalarni sanoat darajasidagi yechimlarga aylantirish va kelgusida ishlab chiqarish bazasini shakllantirish jarayonini jadallashtirishi kutilmoqda.