Yevropa Ittifoqi noutbuklar uchun yagona USB-C standartini joriy etdi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Yevropa Ittifoqi noutbuklar uchun yagona USB-C standartini joriy etdiYevropa Ittifoqida noutbuklar uchun yagona USB-C standarti kuchga kirdi

Yevropa Ittifoqi hududida noutbuklar uchun yagona quvvatlash ulagichi to'g'risidagi direktiva talablari rasman kengaytirildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

28 aprel 2026 yildan boshlab 16 oylik o'tish davri yakuniga yetdi va endilikda quvvati 100 vattgacha bo'lgan barcha yangi noutbuklar USB-C porti bilan jihozlanishi majburiy etib belgilandi. Bu haqda Ixbt.com nashri ma'lumot berdi.

Yangi tartibga ko'ra, ishlab chiqaruvchilar iste'molchilarga qurilmani quvvatlash blokisiz sotib olish imkoniyatini ham taqdim etishi shart. Qonun quvvatlagichni jamlanmaga kiritishni butunlay taqiqlamaydi, biroq xaridorga tanlov huquqi berilishini talab qiladi.

Mazkur qoidalar avvalroq smartfon va planshetlar uchun joriy etilgan standartlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Belgilangan talablar faqat yangi ishlab chiqarilgan noutbuklarga tegishli bo'lib, avvaldan sotuvda mavjud bo'lgan yoki qayta tiklangan qurilmalarga taalluqli emas.

Shuningdek, quvvati 100 vattdan yuqori bo'lgan o'yin noutbuklari va maxsus ishchi stansiyalar uchun istisno mavjud. Bunday yuqori unumdorlikdagi modellar o'z ulagichlaridan foydalanishi mumkin, biroq ularda ham USB-C orqali quvvat olish imkoniyati bo'lishi shart.

Yevrokomissiya mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko'ra, ushbu chora-tadbirlar har yili 11 000 tonna elektron chiqindi hosil bo'lishining oldini oladi. Bundan tashqari, iste'molchilar ortiqcha quvvatlash moslamalarini sotib olmasliklari natijasida har yili qariyb 250 mln yevro mablag'ni tejab qolishlari kutilmoqda.

Standartlashtirish jarayoni elektron qurilmalardan foydalanishni soddalashtirish va atrof-muhitga salbiy ta'sirni kamaytirishga xizmat qiladi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish