Ugreen besh portli va displeyli yangi quvvatlagichni taqdim etdi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Ugreen besh portli va displeyli yangi quvvatlagichni taqdim etdiXitoyning texnologiya ishlab chiqaruvchisi Ugreen kompaniyasi galliy nitridi asosidagi yangi quvvatlash qurilmasini taqdim etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Umumiy quvvati 160 vattga teng boʻlgan ushbu qurilma beshta port bilan jihozlangan boʻlib, bir vaqtning oʻzida bir nechta elektron gadjetlarni quvvatlash imkoniyatini taqdim etadi. Ixbt.com manbasiga koʻra, mazkur mahsulotning narxi 279 yuanni yoki taxminan 40 dollarni tashkil qiladi.

Qurilmaning asosiy oʻziga xosligi unga oʻrnatilgan displey boʻlib, u real vaqt rejimida quvvatlash parametrlarini, xususan, joriy quvvat koʻrsatkichlari, energiya taqsimoti va tezkor quvvatlash protokollari holatini namoyish etadi. Ushbu quvvatlagich toʻrtta USB-C va bitta USB-A portiga ega.

SmartCharge tizimi ulangan qurilmalarning ehtiyojlarini avtomatik tarzda tahlil qilib, quvvatni dinamik ravishda taqsimlaydi. Bitta USB-C porti orqali maksimal quvvat 140 vattga yetadi, bu esa zamonaviy noutbuklarni ham bemalol quvvatlashga imkon beradi.

Beshta portdan bir vaqtda foydalanilganda umumiy quvvat 155 vattni, bir nechta USB-C portlari ishlatilganda esa 160 vattni tashkil etadi. Ogʻirligi 320 grammga teng boʻlgan ushbu qurilma bilan birga Ugreen kompaniyasi metall korpusli va 1,47 dyuymli displeyga ega 10 000 mAs sigʻimli Ugreen PB610 tashqi akkumulyatorini ham namoyish qildi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish