Apple kompaniyasining yangi smartfonlari quvvat bilan bog'liq muammolarga duch kelmoqda
iPhone 17, iPhone 17 Pro, iPhone 17 Pro Max va iPhone Air modellari foydalanuvchilari smartfon batareyasi to'liq o'chganidan so'ng qurilmani qayta faollashtirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Reddit forumida e'lon qilingan ko'plab shikoyatlarga ko'ra, ushbu nosozlik ommaviy tus olgan. Bu haqda Ixbt.com nashri xabar berdi.
Dastlab iPhone 17 Pro Max egasi qurilma quvvati ilk bor 1 % ga tushib, butunlay o'chganidan keyin quvvatlash kabeliga reaksiya bildirmaganini ma'lum qildi. Keyinchalik boshqa foydalanuvchilar ham nafaqat Pro versiyalar, balki standart iPhone 17 va iPhone Air modellarida ham shunday holat kuzatilayotganini tasdiqladi.
Ayrim vaziyatlarda smartfon quvvatlagichda 10-15 daqiqa turgach yongan bo'lsa, ba'zi holatlarda jarayon bir necha soat davom etgan. Simli quvvatlash usuli samara bermagan hollarda, qurilmani faqat MagSafe simsiz quvvatlash uskunasi yordamida hayotga qaytarish imkoni bo'lmoqda.
Hozircha nosozlikning aniq sabablari aniqlanmagan. Mutaxassislar ushbu muammoni dasturiy ta'minotdagi xatolik yoki batareya kalibratsiyasi bilan bog'liq bo'lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.