Notta kompaniyasi iPhone smartfonlari uchun mo'ljallangan "SpeakOn" nomli ixcham diktant qurilmasini e'lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Techcrunch.com nashrining yozishicha, MagSafe texnologiyasi asosida telefon korpusiga biriktiriladigan ushbu gadjet 129 dollar narxda sotuvga chiqarildi. Qurilma ovozli xabarlarni matn ko'rinishiga o'tkazish va turli ilovalarda ma'lumotlarni tezkor kiritish uchun xizmat qiladi.
Vazni 25 grammni tashkil etuvchi gadjet smartfon mikrofoni bilan bog'lanmagan holda, o'zining mustaqil mikrofoni orqali ishlaydi. Foydalanish jarayonida tugmani bosib turib gapirish kifoya, shundan so'ng maxsus klaviatura qo'shimchasi nutqni avtomatik tarzda matnga aylantiradi.
Dasturiy ta'minot nutqdagi keraksiz so'zlarni tozalash va matnni tartibli ro'yxat shakliga keltirish imkoniyatiga ega. O'tkazilgan sinovlar davomida texnikaning ayrim kamchiliklari ham qayd etildi.
Xususan, ovozni aniq yozib olish uchun smartfonni yuzga yaqin masofada tutish zaruriyati hamda sun'iy intellekt tomonidan so'zlarning ba'zan noto'g'ri tahrirlanishi kuzatildi. "SpeakOn" 10 soatlik avtonom ish rejimiga ega bo'lib, uning quvvati bir soat ichida to'liq tiklanadi.
Hozirda faqat iOS tizimida ingliz, ispan, fransuz va rus tillarini qo'llab-quvvatlaydigan ushbu texnologiyaning keyinchalik Mac kompyuterlariga ham moslashtirilishi rejalashtirilgan.