Xitoyda 100 kmga 3,98 litr yoqilg'i sarflaydigan Geely Preface sotila boshladi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Xitoyda 100 kmga 3,98 litr yoqilg'i sarflaydigan Geely Preface sotila boshladiXitoyda Geely Preface gibrid sedani savdosi boshlandi

Xitoy bozorida Geely Xingrui i-HEV Smart Hybrid gibrid biznes-sedanining rasmiy savdolariga start berildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mazkur model xalqaro maydonda Geely Preface nomi bilan tanilgan. Avtomobil o'z toifasidagi modellar orasida hamyonbop narxi bilan ajralib turadi.

Xususan, yangi sedanining bazaviy komplektatsiyasi 96 700 yuanga baholandi. Dastlabki xaridorlar uchun yuqori texnologiyali top versiya narxi 108 700 yuanni tashkil etmoqda.

Modelning texnik asosi Geely i-HEV Smart Hybrid tizimidan iborat. Ushbu majmua 1,5 litrli ichki yonuv dvigateli, elektr motor hamda 3 pog'onali DHT uzatmalar qutisini o'z ichiga oladi.

Agregatlarning umumiy quvvati 313 ot kuchiga teng bo'lib, yoqilg'i tejamkorligi bo'yicha yuqori ko'rsatkich qayd etgan: 100 km masofaga o'rtacha 3,98 litr sarf qiladi. Tizim harakatlanish holatidan kelib chiqib, tortish kuchini avtomatik moslashtiradi.

Masalan, tirbandlikda faqat elektr energiyasi hisobiga harakatlansa, trassada to'g'ridan-to'g'ri dvigatel uzatmasidan foydalanadi. Avtomobil saloni zamonaviy elektron qurilmalar bilan jihozlangan.

Haydovchi uchun 10,2 dyuymli raqamli panel, markaziy qismda esa Snapdragon 8155 chipida ishlovchi 14,6 dyuymli media tizim o'rnatilgan. Shuningdek, 16 ta dinamikli audio tizim, 256 xil rangli yoritish va 50 vattli simsiz quvvatlash moslamasi mavjud.

Xavfsizlik va boshqaruvga GEEA 3.0 arxitekturasi hamda 128 TOPS hisoblash quvvatiga ega Qianli Haohan H3 tizimi javob beradi. Ushbu texnologiya trassada avtopilot va aqlli to'xtash funksiyalarini ta'minlaydi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish