Xitoyda Wuling Xingguang 730 Premium Edition miniveni taqdim etildi
Xitoy avtomobil bozorida oilaviy foydalanishga mo'ljallangan Wuling Xingguang 730 Premium Edition minivenining rasmiy namoyishi o'tkazildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ixbt.com nashrining yozishicha, ushbu model xaridorlar uchun uch xil turdagi quvvat qurilmalari: an'anaviy benzinli dvigatel, gibrid tizim hamda to'liq elektr uzatmali variantlarda ishlab chiqariladi. Lingxi Power 3.0 tizimiga asoslangan gibrid modifikatsiya 1,5 litrli ichki yonuv dvigateli va elektromotor uyg'unligida harakatlanadi.
Avtomobilga 20,5 kVt/soat sig'imli akkumulyator o'rnatilgan bo'lib, u faqat elektr quvvatida 125 km masofani bosib o'tishga qodir. Yoqilg'i va elektr energiyasidan umumiy foydalanilganda miniven 1 100 km yo'l yuradi.
Aralash siklda 100 km masofaga 1,83 litr yoqilg'i sarflaydigan ushbu versiyaning boshlang'ich narxi 112 ming yuanni tashkil etadi. Modelning to'liq elektr quvvatli varianti 136 ot kuchiga ega dvigatel va 60 kVt/soatli batareya bilan jihozlangan.
Mazkur avtomobil bir marta quvvatlanish orqali 500 km masofani bosib o'tishi ma'lum qilindi. Tezkor quvvatlash texnologiyasi batareya quvvatini 20 daqiqa ichida 30 foizdan 80 foizgacha yetkazish imkonini beradi.
Ushbu modifikatsiya 118 ming yuandan sotuvga chiqadi. 1,5 litrli turbo dvigatel va variator bilan jihozlangan benzinli model esa 92 ming yuanga baholandi.
Yangi avtomobilning uzunligi 4 910 mm, g'ildiraklar bazasi esa 2 910 mm ga teng. O'rindiqlari 2+2+3 sxemasida joylashgan salon 7 nafar yo'lovchiga mo'ljallangan.
Miniven 12,8 dyuymli multimedia tizimi, iqlim nazorati va adaptiv kruiz-kontrol bilan ta'minlangan. Shuningdek, avtomobilga yomg'ir va yorug'lik datchiklari o'rnatilgan bo'lib, o'ng tomondagi suriluvchi eshik hamda yukxona qopqog'i elektr yuritma orqali boshqariladi.