Toshkentda mushukka shafqatsizlik qilgan shaxsning shaxsi aniqlandi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Toshkentda mushukka shafqatsizlik qilgan shaxsning shaxsi aniqlandi

Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli uy yo‘lagida mushukka nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxs huquq-tartibot organlari tomonidan aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Voqea 29 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kuzatuv kamerasi tasvirlari orqali keng jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi va fuqarolar o‘rtasida keskin noroziliklarni keltirib chiqardi. Videolavhada erkak kishining hayvonga nisbatan tajovuzkor harakatlari, xususan, mushukni bir necha bor ushlab, yerga bosgani hamda uning oldingi chap panjasini qayirgan holatlari yaqqol aks etgan.

Mazkur hodisadan so‘ng jabrlangan jonivor veterinariya klinikasiga olib borilgan. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, hayvon jiddiy jarohat olgani tasdiqlandi.

Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan tegishli surishtiruv ishlari davom etmoqda. Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqarishi inobatga olinib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanadi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish