
O‘zbekistondagi Telegram foydalanuvchilari orasida shaxsiy akkauntlarni noqonuniy yo‘llar bilan egallab olish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Firibgarlar bu maqsad yo‘lida turli xil soxta tanlovlar va ovoz berish jarayonlari niqobidan foydalanmoqdalar. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi hamda Toshkent shahar IIBB rasmiy bayonot berib, aholini hushyorlikka chaqirdi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, tarmoqda keng tarqalayotgan fishing hujumlari fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Vaziyatning eng xavfli jihati shundaki, zararli havolalar aksariyat hollarda noma’lum shaxslardan emas, balki foydalanuvchining tanishlari, do‘stlari yoki hamkasblari nomidan yuborilmoqda.
Firibgarlar oldindan o‘g‘irlangan akkauntlar orqali kontaktlar ro‘yxatidagi barcha foydalanuvchilarga murojaat yo‘llab, ularni aldanib qolishga undashmoqda. Bunday xabarlarga ko‘ra, go‘yoki biror tanlovda ishtirok etayotgan do‘stingiz sizdan ovoz berishingizni so‘raydi.
Havolaga kirgan foydalanuvchi esa o‘z akkauntini firibgarlarga ixtiyoriy ravishda topshirib qo‘ymoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolardan shubhali havolalarni ochmaslikni va Telegramdagi ikki bosqichli autentifikatsiya tizimini faollashtirishni qat’iy tavsiya qilmoqda.






Izohlar
0