Toshkentda noqulay ob-havo: Hokimlik aholini ehtiyotkorlikka chaqirdi
Toshkent shahrida havo sharoiti keskin yomonlashishi natijasida kuchli shamol va yog'ingarchilik kuzatilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur holat munosabati bilan poytaxt hokimligi aholi hamda shahar mehmonlariga maxsus ogohlantirish bilan chiqdi. Ma'lum qilinishicha, noqulay ob-havo sharoitida daraxtlar qulashi va elektr uzatish tarmoqlarida uzilishlar yuzaga kelishi ehtimoli yuqori.
Bunday vaziyat ko'chalarda harakatlanayotgan fuqarolar va transport vositalari uchun jiddiy xavf tug'dirishi mumkin. Shahar ma'muriyati xavfsizlik choralarini ko'rish doirasida haydovchilarga avtomobillarni daraxtlar hamda elektr simlari ostida qoldirmaslikni qat'iy tavsiya qildi.
Shuningdek, piyodalardan ko'chalarda harakatlanish vaqtida hushyorlikni oshirish va favqulodda holatlardan saqlanish so'raldi. Hozirda poytaxtdagi barcha kommunal va favqulodda xizmatlar kuchaytirilgan ish tartibiga o'tkazilgan bo'lib, ular yuzaga kelishi mumkin bo'lgan talafotlarni tezkor bartaraf etish uchun to'liq shay holatga keltirilgan.
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar 112 va 1055 qisqa raqamlari, shuningdek, (71) 212-69-80 va (71) 212-69-82 telefon tarmoqlari orqali murojaat qilishlari mumkin. Mutasaddilar ob-havo barqarorlashgunga qadar o'z xavfsizligiga mas'uliyat bilan yondashish har bir fuqaro uchun muhim ekanini eslatib o'tdi.
Hokimlik barcha choralarni ko'rish bilan birga, aholidan ortiqcha xavf-xatarga yo'l qo'ymaslikni so'ramoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0