Sun'iy intellekt mehribonlashgani sari undagi xatolar ko'paymoqda

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

Sun'iy intellekt mehribonlashgani sari undagi xatolar ko'paymoqdaOksford internet instituti olimlari sun'iy intellekt modellarining emotsional hamdardligi va ma'lumotlar aniqligi o'rtasidagi bog'liqlikni o'rgandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Tadqiqot natijalari chat-botlarning do'stona munosabati ko'pincha xatolarning ko'payishiga sabab bo'lishini ko'rsatdi. Oksford tadqiqotchilari Meta, Mistral, Alibaba va OpenAI kompaniyalarining beshta yirik modeliga tegishli 400 000 dan ortiq javobni tahlil qildi.

Ma'lum bo'lishicha, sun'iy intellekt qanchalik mehribon va hamdard ko'rinishga intilsa, uning javoblaridagi faktik xatoliklar shunchalik ko'p uchraydi. Mutaxassislar buni "iliqlik va aniqlik o'rtasidagi ziddiyat" deb baholamoqda.

Tadqiqot muallifi Lujayn Ibrohimning qayd etishicha, sun'iy intellekt insonlarga xush kelish maqsadida ob'ektiv haqiqatdan chekinishi mumkin. Raqamli tahlillarga ko'ra, sun'iy intellekt modellari "mehribonlashtirilganda" xato javob berish ehtimoli o'rtacha 7,43 % ga oshgan.

Shuningdek, do'stona uslubdagi botlar foydalanuvchining noto'g'ri fikrlarini ma'qullashga 40 % ko'proq moyillik ko'rsatgan. Masalan, London shahrini Fransiyaning poytaxti deb hisoblagan foydalanuvchiga hamdardlik bildirish uchun uning xatosi tasdiqlangan holatlar kuzatilgan.

Bangor universiteti professori Endryu Makstey ushbu holat ayniqsa ruhiy yordam so'rayotgan insonlar va o'smirlar uchun xavfli ekanini ta'kidladi. Uning fikricha, emotsional bog'liqlik vaqtida odamlar tanqidiy fikrlashdan uzoqlashadi, bu esa noto'g'ri tibbiy yoki psixologik maslahatlarga ishonib qolish xavfini tug'diradi.

Texnologiya kompaniyalari foydalanuvchilarni muhim ma'lumotlarni doimiy ravishda qayta tekshirishga chaqirmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish