
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va jamoatchilik orasida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan videolavha yuzasidan rasmiy munosabatlar kutilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Videoda yigitning qizga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani, xususan, uning yuzi va qo‘liga bir necha bor og‘ir zarbalar bergani aks etgan. Ushbu holat internet foydalanuvchilari tomonidan keskin qoralanmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchi qiz nutqida nuqsoni bor shaxs hisoblanadi va u kar-soqov bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Videolavhada qizning o‘zini himoya qilishga urinayotgani, biroq qarshilik ko‘rsata olmayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalishi ortidan huquq-tartibot organlari tomonidan holatni o‘rganish va tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha harakatlar boshlanishi kutilmoqda. Jamiyatda bunday zo‘ravonlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabat bildirilishi lozimligi ta’kidlanmoqda.
Hozirda ushbu hodisa yuzasidan aniqroq tafsilotlar va huquqiy baho berilishi kutilyapti.