Bag'dod tumanida 600 mln so'm mablag'ni talon-toroj qilgan sobiq mansabdor ushlandi
Farg'ona viloyatining Bag'dod tumanida hokimlik jamg'armasi mablag'larini o'zlashtirish bilan bog'liq yirik moliyaviy jinoyat fosh etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida iqtisodiyot va moliya bo'limining sobiq rahbari U.M.ning noqonuniy harakatlari aniqlandi. Mazkur shaxs muqaddam ham Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan sudlangani ma'lum bo'ldi.
Tergov hujjatlariga ko'ra, U.M. hokimlik jamg'armasidan "Chek-Xitoy" mahallasi hududidagi savdo do'konlari atrofini obodonlashtirish ishlari uchun ajratilgan 600 mln so'm mablag'ni "T.W." MCHJ hisob raqamiga o'tkazgan.
Biroq ushbu mablag'lar belgilangan maqsadlar uchun sarflanmagan. Aniqlanishicha, o'tkazilgan pullarning 380 mln so'mi naqdlashtirilgan.
Shuningdek, MCHJ rahbari J.T. orqali mazkur mablag'lar hisobidan 27 ming AQSh dollari olinib, shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi, ya'ni o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish ayblovi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur voqea davlat mablag'laridan foydalanishda nazorat tizimini yanada kuchaytirish zarurligini ko'rsatmoqda. Tergov yakunlari bo'yicha barcha aybdor shaxslarning harakatlariga yakuniy huquqiy baho beriladi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0