Joriy yilning 27 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:34 da O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida yer qimirlashi kuzatildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshidagi Seysmoprognostik monitoring markazi tomonidan taqdim etilgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy hodisaning o‘chog‘i Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida qayd etilgan. Ushbu seysmik faollik Toshkent shahridan qariyb 499 kilometr janubiy-sharqiy yo‘nalishda yuz bergan.
Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, zilzilaning magnitudasi 6,8 ga teng bo‘lgan. Yer osti silkinishlari 224 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Tabiiy ofatning kuchi respublikamizning turli hududlarida aholi tomonidan sezilgan. Ayni paytda tegishli idoralar tomonidan hududlarda texnik tekshiruvlar o‘tkazilmoqda va vaziyat nazoratga olingan.
Hozircha zilzila oqibatida yuz bergan talafotlar yoki jabrlanganlar to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlar kelib tushmagan. Aholidan vahimaga tushmaslik va faqat rasmiy axborot manbalariga tayanish so‘raladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari vaziyat yuzasidan doimiy monitoringni davom ettirmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0