Qolibof: AQSh Eronga qarshi asosiy iqtisodiy choralarini qo'llab bo'ldi

Bekzod Nazarov2 daqiqalik o'qish

Qolibof: AQSh Eronga qarshi asosiy iqtisodiy choralarini qo'llab bo'ldiQolibof: AQSh Eronga qarshi asosiy iqtisodiy choralarini qo'llab bo'ldi

Eron parlamenti rahbari Muhammad Boqir Qolibof ijtimoiy tarmoqlar orqali AQSh bilan davom etayotgan iqtisodiy qarama-qarshilik yuzasidan bayonot berdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Siyosatchining ta'kidlashicha, Vashington Eronga bosim o'tkazishda foydalanishi mumkin bo'lgan asosiy iqtisodiy vositalar va sanksiyalar zaxirasini sezilarli darajada sarflab bo'lgan. Qolibof AQShning iqtisodiy ustunlik haqidagi da'volariga shubha bilan qarab, bozordagi ta'minot va talab imkoniyatlari hozirda o'zaro muvozanatlashganini qayd etdi.

«Ular o'z ustunligi bilan maqtanishmoqda. Keling, tahlil qilaylik: bu yerda ta'minot imkoniyatlari talabga teng», — deb yozdi parlament rahbari X tarmog'idagi sahifasida.

Qolibof Eron ixtiyorida hali to'liq foydalanilmagan strategik resurslar mavjudligiga e'tibor qaratdi. U geosiyosiy jihatdan muhim hisoblangan Ho'rmuz va Bab-ul-Mandab bo'g'ozlari, shuningdek, neft quvurlari tarmog'i orqali global energetika bozoriga ta'sir o'tkazish imkoniyatlarini sanab o'tdi.

Siyosatchining fikricha, AQSh strategik neft zaxiralarini bozorgacha chiqarish va talabni sun'iy kamaytirish orqali o'z imkoniyatlarini ishga solib bo'lgan bir vaqtda, Tehron hali barcha "kartalarini" ochgani yo'q. Bundan tashqari, bayonotda yaqin oylarda energiya resurslariga bo'lgan ehtiyoj ortishi prognoz qilingan.

Xususan, yoz mavsumida iste'mol hajmining ko'tarilishi AQSh iqtisodiyoti uchun qo'shimcha qiyinchiliklar tug'dirishi mumkinligi aytildi. Ushbu munosabat global energetika bozoridagi raqobat yanada keskinlashayotganini ko'rsatmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish